Oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, xalqaro reytinglarga kirish, oliy ta’lim tizimiga o‘qishga qabul qilishda shaffof tizimni joriy qilish ishlari olib borilmoqda. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi muhim omil bo‘lmoqda.
Ushbu konsepsiyada oliy taʼlim tizimining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro miqyosda tanilishi va raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash faoliyatini kengaytirish vazifasi belgilandi.
Oliy ta’lim tizimida qo‘shma ta’lim dasturlarining ahamiyati shundaki, bu oliy ta’lim tizimini xalqaro miqyosda rivojlantirishga xizmat qiladi. Qo‘shma ta’lim dasturlari xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilganligi bois o‘quv jarayonida xalqaro standartlar, ilg‘or o‘quv dasturlari joriy qilinadi. Qo‘shma ta’lim dasturlarida bitiruvchilarga ikkita diplom – ya’ni, mahalliy oliy ta’lim tashkiloti hamda xorijiy oliy ta’lim tashkilotining diplomi taqdim etiladi. Bu esa, bitiruvchining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi, unga ham O‘zbekiston hududida, ham xalqaro miqyosda mehnat faoliyatini olib borish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 421-son qarorining tasdiqlanishi qo‘shma ta’lim dasturlari uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ldi.
Bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan bir qator yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda yurisprudensiya yo‘nalishida bakalavriat bosqichida 6 ta hamda magistratura bosqichida 2 ta qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, bakalavriat bosqichida Buyuk Britaniyaning London universiteti, Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti, Rossiya Federatsiyasining Nijniy Novgorod davlat universiteti, Ural davlat yuridik universiteti, Belarusning Grodno davlat universiteti, Qozog‘istonning Qozog‘iston davlat yuridik universiteti bilan, shuningdek magistratura bosqichida Polshaning Gdansk universiteti hamda Hindistonning Milliy sud ekspertiza universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
2025/2026 o‘quv yili uchun London universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturiga 100 nafar talaba qabul qilindi. Ushbu talabalarga 4 yil davomida yetakchi xorijiy professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi mutaxassislar hamda Toshkent davlat yuridik universitetining malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan xalqaro standartlar asosida yuridik ta’lim beriladi, konstitutsiyaviy, fuqarolik, jinoyat, xalqaro huquq va huquqning boshqa tarmoqlari zamonaviy xalqaro qonunchilik, xalqaro sud amaliyoti va inson huquqlari bo‘yicha yangilangan manbalar asosida o‘qitiladi.
Shuningdek, Nagoya iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan 2+2 shaklidagi qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan talabalar 1-2-kurs davomida O‘zbekiston hududida ta’lim olsa, 3-4-kurs davomida Yaponiyada ta’lim oladi hamda Yaponiyaning ilg‘or ta’lim tizimi bilan tanishadi. Bu talabalarning yuksak salohiyatli kadr bo‘lib yetishishida muhim rol o‘ynashi shubxasiz.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, qo‘shma ta’lim dasturlari O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, yuksak salohiyatli va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu dasturlar mamlakatimiz oliy ta’lim tashkilotlarining xorijiy universitetlar bilan samarali hamkorligini mustahkamlab, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish imkonini bermoqda. Qo‘shma ta’lim dasturlari talabalarga ikki diplomli ta’lim olish, xorijiy mutaxassislar bilan bevosita muloqotda bo‘lish, xalqaro sud amaliyoti va zamonaviy huquqiy tizimlar bilan tanishish imkonini bermoqda.
Shularni inobatga olib aytish mumkinki qo‘shma ta’lim dasturlari — O‘zbekistonning ta’lim sohasida olib borayotgan islohotlarining amaliy ifodasi bo‘lib, kelajakda yurtimizni rivojlantirishga xizmat qiladigan, keng dunyoqarashli, malakali huquqshunoslarni tayyorlashning samarali mexanizmidir.
Sherov Quvondiq,
Qabul jarayonini tashkil etish
bo‘limi bosh mutaxassisi