Qoʻshrabotda yirik toʻqimachilik korxonasi ish boshladi

    Yangi korxona eksportni koʻzlayapti

    Qoʻshrabot tumani Samarqand viloyatining olis hududlaridan hisoblanadi. Bugun tumanning Chimmos mahallasida “Sharq sanoat” konserni tomonidan barpo etilgan yangi yirik trikotaj fabrikasi ish boshladi. 38,5 milliard soʻm mablagʻ sarflangan mazkur korxona “Zarafshon tekstil” tuzilmasining yurtimizdagi 11 ishlab chiqarish korxonasi sifatida qayd etildi.

    — Oʻtgan yil aprel oryida Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv boʻyicha maxsus preferensiyalar tizimi (GSP+) kuchga kirgan edi, bu esa mahsulotlarimizni Yevropa davlatlariga toʻsiqsiz sotish imkoniyatini berdi, — deydi “Sharq sanoat” konserni taʼsischisi Shavkat Sharipov. — Natijada dunyoning katta kompaniyalari biz bilan hamkorlik shartnomalari tuzishmoqda.

    Oʻtgan yili konsernimiz 92 million dollarlik mahsulot eksport qildi. Shundan 43 million dollarini mevalar va 49 million dollarini yengil sanoat mahsulotlari tashkil etadi. Joriy yilda esa eksport hajmini 125 million dollarga yetkazishni rejalashtiryapmiz.

    Yangi korxona yiliga 3,5 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari tayyorlash quvvatiga ega va toʻliq eksport qilish evaziga yiliga 8 million dollar daromad olish moʻljallangan. Buning uchun esa xorijiy xaridorlar bilan shartnomalar imzolangan.

    Chimmos mahallasida 2400 nafar aholi istiqomat qiladi. Korxonaning ishga tushirilishi 500 nafar ishsiz ayollarni ish bilan taʼminladi. Loyiha doirasida yangi bino qurilib, ishlab chiqarish jarayoniga turkiyalik va mahalliy mutaxassislar jalb etilgan holda, xotin-qizlarga tikuvchilik koʻnikmalari oʻrgatilmoqda. Korxonada ishchilar uchun bepul tushlik va avtobus xizmati tashkil etilgan, mehnatga haq toʻlash esa ishbay shaklida olib boriladi.

    Ushbu korxona tumandagi birinchi yirik toʻqimachilik korxonasi hisoblanadi.

    Oʻktam XUDOYBERDIYEV,

    jurnalist