“Qovun sayli” festivali gʻoliblari taqdirlandi

    “Gran-Pri” sohibiga “Treker”, birinchi oʻringa — “Oniks”, ikkinchi oʻringa — “Damas” avtomobili, uchinchi oʻrin sohiblariga esa — “Mototsikl” berildi.

    Avval xabar berilganidek, Turizm qoʻmitasi va Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda koʻhna Xiva shahrida “Qovun sayli” festivali tashkil etildi.

    Tadbirni oʻtkazishdan Oʻzbekistonda agroturizm yoʻnalishini yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlarni keng targʻib etgan holda bu orqali hududlarga sayyohlar oqimini oshirish maqsad qilingan.

    Festival 4 gektar yerda 60 ta pavilyon tashkil etilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, Xorazm viloyatidagi 13 ta shahar va tuman vakillari oʻz hududlarida yetishtirilgan meva-sabzavotlar, poliz ekinlari qovun mahsulotlarining 125 ga yaqin navlari namoyishi hamda hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

    Festival yakunida gʻolib va sovrindorlar aniqlandi. Unga koʻra, Xorazm viloyati Yangibozor tumani “Gran-Pri” sohibiga aylandi (yutuq — “Treker” avtomobili). Birinchi oʻrin Urganch shahriga (yutuq — “Oniks”), ikkinchi oʻrin Xiva tumaniga (yutuq — “Damas”), uchinchi oʻrin esa Urganch tumani, Xiva shahri va Qoʻshkoʻpir tumanlariga (yutuq har biriga — “Mototsikl”) nasib qildi.

    Shuningdek, “Qovunni qayta ishlash va saqlaganligi uchun”, “Qadimiy Xorazm navlarini tiklash va yangi innovatsion texnologiyalar joriy qilganligi uchun”, “Qovunchilikda eng yuqori rentabellikka va eksportbop qovun yetishtirganligi uchun”, “Eng shirin ekologik qovun yetishtirganligi uchun” nominatsiyalari boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi va taqdirlandi.

    Eʼtiborlisi, tadbir tufayli Xorazm viloyatiga shu kunlarda 30 mingdan ortiq xorijiy mehmonlar va 400 mingga yaqin mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.