Qozimjon Komilov: “Saylov komissiyalari ustidan sudlarga biror ariza(shikoyat) kelib tushmagan”

    Saylov 24 Oktabr 2021 935

    Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sud raisi Qozimjon Komilov ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Anjumanda Oliy sud raisi nomzod koʻrsatgan siyosiy partiyalar organlari, nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari, ommaviy axborot vositalari vakillari esa saylov komissiyalarining harakatlari ustidan maʼmuriy sudlarga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari va harakatlari ustidan toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilishi mumkinligini eslatib oʻtdi.

    Saylov komissiyasining qarori ustidan shikoyat bilan sudga, qaror qabul qilinganidan keyin 5 kun ichida bemalol va toʻsiqsiz yozma va elektron shaklda, shuningdek chet davlatda turib ham murojaat qilishga va sudlarning axborot tizimi orqali darhol roʻyxatga olinishi uchun sharoit va imkoniyatlar yaratildi.

    Bunday tartib albatta kuzatuvchilarga ham taaluqli boʻlib, ular ham sudlarga ariza yoki shikoyatlarni umumiy tartibda berishlari mumkin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov kampaniyasi joriy yilning 24-iyulidan boshlandi.

    24-iyuldan 14-oktyabrga qadar saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashish, qarorlarini ijro etmaslik, nomzodning, ishonchli vakilining, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzish, yolgʻon maʼlumotlar tarqatish, saylovni moliyalashtirish tartibini buzish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarlik bilan bogʻliq ishlar sudlarga kelib tushmagan.

    Ayni paytda saylov oldi tashviqot jarayoni boshlangandan buyon, yaʼni 20-sentyabrdan shu kunga qadar saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibini buzish, saylovga tayyorgarlik koʻrish jarayonida axborot va tashviqot materiallarini qasddan yoʻq qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bogʻliq boʻlgan qoidabuzarlik uchun biron-bir shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilmagan.

    Shu bilan birgalikda fuqarolarning saylash yoki saylanish, saylovoldi targʻiboti olib borish huquqlarini, ishonchli vakillarni oʻz vakolatlarini erkin amalga oshirishlarida zoʻrlik ishlatish, qoʻrqitish, aldash yoki ogʻdirib olish yoʻli bilan toʻsqinlik qilish bilan bogʻliq jinoyat ishlari ham sudlarning ish yurituviga kelib tushmaganligini maʼlum qilaman.

    Ushbu davr mobaynida nomzodlar tomonidan saylov komissiyasiga huquqlari buzilganligi toʻgʻrisidagi murojaatlariga berilgan javoblaridan norozi boʻlib sudlarga ariza (shikoyat) keltirilmagan.

    9-oktyabrda esa saylovchilarning roʻyxatlari hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etildi.

    Bu bosqichda saylovchi - saylovchilar roʻyxatiga kiritilmaganlik, notoʻgʻri kiritilganlik yoki roʻyxatdan chiqarilganlik haqidagi murojaatlari saylov uchastkalari tomonidan hal qilinmagan taqdirda ariza bilan tumanlararo maʼmuriy sudiga murojaat qilishi mumkin.

    Ushbu huquqdan foydalanish haqidagi arizani koʻrib chiqmaganlik yoxud rad etganlik kabi xolatlar yuzasidan sudlarga joriy yilning 9-oktyabridan 21-oktyabriga qadar ariza (shikoyat) kelib tushmagan.

    Endilikda sudlarda hozirdagi saylov kampaniya jarayoniga doir oxirgi maʼlumotlarga batafsil toʻxtalsam.

    Xabaringiz bor, 14-oktyabrdan - 20-oktyabrga qadar muddatidan oldin ovoz berish jarayoni amalga oshirildi.

    Bu bosqichda maʼmuriy sudlarning yurituviga:

    saylovchi oldinroq ovoz berish huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik qilish;

    ushbu huquqdan foydalanish haqidagi arizani koʻrib chiqmaganlik yoxud rad etganlik kabi holatlar yuzasidan shikoyatlar kelib tushmagan.

    22-oktyabr saylovoldi tashviqotining oxirgi kuni boʻldi. Saylovoldi tashviqotini olib borish tartibini buzish boʻyicha jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga maʼmuriy huquqbuzarlikka (MJtK 515-moddasi) oid ishlar kelib tushmagan.

    Bugun, 24-oktyabr kuni saylov jarayonida ishtirok etgan siyosiy partiyalar organlari, nomzodlar,
    ularning ishonchli vakillari, kuzatuvchilar va saylovchilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari bevosita saylov jarayonidagi:

    saylov komissiyalarining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan;

    Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan maʼmuriy sudlarga murojaat qilishlari mumkin.

    Hududlar taqdim etgan axborotlarga koʻra, joriy yilning 24-oktyabr soat 15-00 holatiga respublika sudlariga Prezident saylovi jarayonlari bilan bogʻliq ommaviy nizolar, maʼmuriy huquqbuzarlik va jinoyat ishlari kelib tushmagan.

    Bu holat oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bu siyosiy jarayon yaxshi tashkil etilib, saylov komissiyalarining faoliyati toʻgʻri yoʻlga quyilganligidan dalolat berib, bu masalada nomzodlar, saylovchi, kuzatuvchi va siyosiy partiya organlaridan sudlarga shikoyat tushmaganligiga, boshqa qoidabuzarliklar sodir etilmaganligiga sabab boʻlgan.