Qozog'iston aholisining soni e'lon qilindi

    Mamlakat Milliy statistika byurosi Qozog'istondagi aholi soni bo'yicha yangilangan ma'lumotlarni taqdim etdi.

    Agentlik ma'lumotlariga ko'ra, mamlakat aholisi soni 2023-yil 1-may holatiga ko'ra 19 million 854 ming kishini, xususan, shahar aholisi – 12276,3 ming kishini, qishloq aholisi – 7577,7 ming kishini tashkil qilgan. 2021-yil 1-aprel holatiga nisbatan aholi soni 238,3 ming kishiga yoki 1,3 foizga ko'paydi.

    Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 2023-yil 1-yanvar holatiga ko'ra, Qozog'istonda 19 million 765 ming 4 kishi istiqomat qilgan. Aholisi 2023-yil 1-may holatiga ko'ra, 19 million 854 ming 83 kishini tashkil etdi. Aholining umumiy o'sishi olti oyda 89 ming 79 kishini tashkil etdi.

    Aholi sonining eng yuqori o'sishi Olmaota shahrida qayd etildi: bu davrda aholi soni 17 ming 771 kishiga o'sdi. 16 ming 802 kishilik ko'rsatkich bilan Ostona shahri ikkinchi o'rinda. Keyingi o'rinda Turkiston viloyati: aholisi 10 ming 427 nafarga ko'paygan. Shu bilan birga, Ostona aholisi eng yuqori o'sish sur'atiga ega – 1,24 foiz.

    Eng past demografik ko'rsatkichlar Aqto'be, Qarag'anda, Qo'stanay, Pavlodar, Shimoliy Qozog'iston, Oqmo'la, Sharqiy Qozog'iston, shuningdek, Abay va Jetisu viloyatlarida qayd etilgan, deyiladi tengrinews.kz saytida.