Qozogʻiston bilan ilm-fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlik oʻrnatiladi

    Fan 22 Dekabr 2022 1043

    Joriy yil 21-dekabrda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Qozogʻiston Respublikasining ilm-fan va oliy taʼlim vaziri Sayasat Nurbekni qabul qildi.

    Uchrashuv davomida vazirlar ikkala mamlakatda olib borilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdi. Xususan, I.Abdurahmonov mamlakatning ilmiy va innovatsion rivojlanishi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz yuritdi. Tomonlar texnologiyalar transferi, qoʻshma ilmiy loyihalar, olimlar almashinuvi kabi masalalarni muhokama qildi.

    Uchrashuvda Hukumatlararo darajada ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha hamkorlik qilishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” imzolashga kelishildi.

    Ikki mamlakat oʻrtasida maʼlumotlar bazasi almashinuvi, qoʻshma litsenziyalash, patentlash va iqtibos keltirish boʻyicha ishlarni amalga oshirish boʻyicha takliflar berildi. Shuningdek ilmiy loyihalarni ekspertiza qilishda ilmiy-texnik kengashlar hamkorligini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Bu oʻz navbatida obyektiv va mustaqil ekspertiza qilish imkonini beradi.

    Tomonlar, shuningdek, 2023-yilda oʻtkazilishi kutilayotgan InnoWeek.uz — xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida Kazakhstan &Uzbekistan innovations day yarmarkasini ishga tushirish boʻyicha takliflarni oʻrgandi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati. Bunda Oʻzbekiston va Qozogʻistonlik olimlar hamda tadbirkorlar oʻzaro aloqa oʻrnatish, qoʻshni mamlakatda oʻz loyihalarini joriy etish boʻyicha kelishuvlarga erishish imkoniga ega boʻladi.