Qozogʻiston bilan oliy taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik yanada kengaytiriladi

    Ta'lim 8 Avgust 2024 472

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Qozogʻiston fan va oliy taʼlim vaziri Sayasat Nurbek bilan uchrashdi.

    Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi oliy taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, joriy 2024-yilda Chirchiq shahrida ochilgan Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti filiali hamda Olmaota shahrida Qozogʻiston milliy agrar universiteti bazasida tashkil etilgan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining filiali faoliyatini kelgusida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha fikr almashdilar.

    Shuningdek, uchrashuv doirasida ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarda qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovlarini tashkil etish masalasi har tomonlama muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.