баннер
18 Fev 2025
11:43

    Qozog‘iston bilan parlamentlararo muloqotni yana-da faol davom ettirishga kelishib olindi

    O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qozog‘iston Parlamenti Senati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha komissiyaning to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

    Joriy yil 28-yanvarda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahriga tashrif buyurdi.

    Tashrif davomida delegatsiyamiz a'zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha komissiyaning to‘rtinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

    Tadbirda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillari asosida rivojlanib kelayotgani qayd etildi.

    Yig‘ilishda ikki tomonlama ko‘p qirrali sheriklikka doir, shu jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.

    Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston Senatlari o‘rtasidagi parlamentlararo komissiya faoliyati samaradorligini oshirish, xususan Komissiyaning 5-yig‘ilishini o‘tkazish va uning doirasida ikki davlat parlamentlari o‘rtasida yangi «yo‘l xaritasi»ni imzolash taklifi ko‘rib chiqildi.

    Komissiyaning 5-yig‘ilishini joriy yilning ikkinchi yarim yilligida O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech