Ayni paytda “Paxtakor” futbol klubining sport direktori vazifasida ishlayotgan taniqli hujumchi Qozogʻistonda oʻtgan faoliyati va bugungi kunda Oʻzbekiston chempionatida roʻy berayotgan jarayonlar va oʻzining kelgusi rejalari xususida soʻzlab berdi.
Sport muxlislarining qiziqishidan kelib chiqib ushbu suhbatdan iqtiboslarni keltirib oʻtamiz.
— Jafar ayni paytda nimalar bilan bandsiz?
— Uch yildirki, “Paxtakor” futbol klubida sport direktori vazifasida ishlab kelmoqdaman.
— Qozogʻiston futbol bozori «Paxtakor» uchun, umuman oʻzbekistonliklar uchun qay darajada qiziqarli?
— Qozogʻiston futboli shaxsan men uchun juda qiziqarli. Oʻzim oʻynaganman. Shuning uchun ham Qozoq klublarining faoliyatini doimiy kuzatib boraman. Bir qancha doʻstlarim u yerda faoliyat yuritishadi. Ayniqsa, “Qayrat” futbol klubida ishlayotgan doʻstlarim, shuningdek tajribali murabbiylar Grigoriy Babayan va Vadim Borovskiy bilan hamisha aloqadaman. Yaqinda ular Oʻzbekistonga kelib ketishdi. Ochigʻini aytsam, professionallik nuqtayi nazardan qozogʻistonlik futbolchilar biz uchun u qadar qiziqarli emas. Chunki Qozogʻistonda futbolchilarning transfer bahosi juda yuqori. Shu boisdan biz oʻzbekistonliklar bu borada koʻproq chet el futbolchilari bilan ishlash osonroq. Bundan bir muncha muddat avval Qozogʻiston klublarida oʻynayotgan bir necha futbolchilarga qiziqish bildirib, muzokaralar olib borganmiz. Ammo kelishuvlar amalga oshmagan.
— Siz Qozogʻiston futbolida oʻziga xos iz qoldirgan oʻyinchilardan birisiz. Hali-hali ishqibozlar eslab turishadi. Qachondir Qozogʻiston futbolida ishlashingiz mumkinmi?
— Hayotda hamma narsa boʻlishi mumkin. Men Qozogʻistonda yoki boshqa bir davlatda ishlamayman, deb aytolmayman. Barchasi taqdirga bogʻliq. Xudo xohlasa yaqinda murabbiylik boʻyicha PRO litsenziyasiga ega boʻlaman. Qozogʻiston futbol klublaridan biri taklif bildirsa, balki oʻylab koʻrarman. Lekin hozirgi ishim oʻzimga juda yoqadi. Qolaversa, “Paxtakor”da ishlashni azaldan orzu qilganman.
Toʻlqin ROʻZIYEV tayyorladi