Qozog'iston hukumati suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun 47 million dollar ajratdi

    Qozog'iston hukumati bahorgi suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etish va vayron bo'lgan infratuzilma obyektlarini tiklash uchun favqulodda zaxiradan qo'shimcha ravishda 22,7 milliard tenge (47 million dollar) ajratdi.

    Bu haqda mamlakat Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati ma'lum qildi.

    Qarorni Bosh vazir Oljas Bektenov imzoladi.

    “Mablag'lar Oqmo'la, Aqto'be, Qo'stanay va Shimoliy Qozog'iston viloyatlaridagi yo'llarni, shuningdek, ko'priklar va suv o'tkazgichlarni tiklash, rekonstruksiya qilish, qurish uchun hokimliklarga yuboriladi”, deyiladi xabarda.

    Ajratilgan mablag'lar mahalliy ijro hokimiyati organlariga seldan keyin yo'llarning shikastlangan qismlarini o'z vaqtida tiklash, aholining xavfsiz harakatlanishini ta'minlash imkonini beradi, deb xabar beradi report.az.