«Kazinform« xalqaro axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, sanoat kooperatsiyasi markazi Qozogʻistonning «Atameken« va Oʻzbekistonning «Guliston« nazorat-oʻtkazish punktlari yaqinida joylashadi.
Qayd etilishicha, mazkur markaz ishlab chiqarish maydonchalari, omborlar va transport infratuzilmasidan iborat boʻladi, bu esa yuk tashishni tezlashtirish, logistika xarajatlarini kamaytirish, taʼminot zanjiri ishtirokchilari sonini qisqartirish, shuningdek, yakuniy isteʼmolchi uchun mahsulot tannarxini pasaytirish imkonini beradi.
«Markazning umumiy maydoni 100 gektar etib belgilangan. Ushbu hududga mintaqaviy sanoat zonasi maqomi beriladi, – deb yozgan manba. – Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, zarur sarmoyalar taxminan 27 milliard tengeni (taxminan 54 million AQSH dollari) tashkil etadi«.
Shuningdek, materialda «Mazkur xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi yangi ish oʻrinlari yaratish, qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlarini qayta ishlash, farmatsevtika, elektrotexnika, kimyo, charm, toʻqimachilik hamda tikuvchilik sanoatida ishlab chiqarishni rivojlantirishga koʻmaklashadi«, – deya deputat Alisher Satvaldiyev soʻzlaridan iqtibos keltirilgan.
Fevral oyi boshida deputatlar «Qozogʻiston Respublikasi Hukumati va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida «Markaziy Osiyo« sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqida«gi qonun loyihasini maʼqulladi.
Bundan tashqari, Toshkentda Qozogʻiston, Ostonada esa Oʻzbekiston savdo markazlari qurilishi mumkin.