Qozogʻiston Oʻzbekiston meva-sabzavotchilik sohasiga sarmoya kiritmoqchi

    Agrosektor 15 Dekabr 2021 855

    2021-yil 13-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga Qozogʻistonning “K-Agro” agroxoldingi delegatsiyasi tashrif buyurdi. Xorijiy mehmonlar vazir Jamshid Xodjayev hamda vazirlik vakillari bilan muloqot oʻtkazdi.

    Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida intensiv meva-sabzavotchilikni rivojlantirish sohasiga Qozogʻiston investitsiyalarini jalb etish masalalari muhokama etildi.

    Muzokaralar yakunida intensiv meva-sabzavotchilikni rivojlantirish yoʻnalishida taklif etilayotgan loyihalarni batafsil oʻrganish uchun ishchi guruhini tashkil etishga kelishib olindi.

    Tashrif doirasida Qozogʻiston delegatsiyasi vakillari, shuningdek, Toshkent viloyatidagi “Golden Dried Fruits” kompaniyasi faoliyati, “TNA-Agroinvest” korxonasidagi pomidor yetishtirish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

    Bundan tashqari, qozogʻistonlik mehmonlar Samarqand viloyatidagi bogʻ plantatsiyalari hamda eksport mahsulotlarini yetkazib berishga ixtisoslashgan qayta ishlash korxonalarida boʻldi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.