Qozogʻiston oʻzining messenjerini ishga tushirmoqchi

    Qozogʻiston raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev messenjerlarning mahalliy analoglari ishlab chiqilayotganini aytdi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.

    Vazirdan WhatsApp va Telegramʻning mahalliy analogi ishlab chiqilishi ehtimoli soʻraldi.

    “Sizni ishontirib aytamanki, bugungi kunda startaplar hamjamiyati shu kabi loyihalar ustida ishlamoqda. Ularni kuzatib, qoʻllab-quvvatlamoqdamiz. Ertami-kechmi, bunga guvoh boʻlamiz, deb oʻylayman. Muddatlarni aytmayman, chunki ertaga — shu sanaga qadar shu startapga vaʼda bergan edingiz, deysiz. Lekin bu bozor. Bilasizmi, WhatsApp va Telegram dastlabki ishga tushirilgan paytlar ular zararga ishlagan, bu juda katta pul edi. Hattoki hozir ham bu ular uchun foydali biznesligi haqida ishonch bilan ayta olmayman”, — dedi u.

    Vazirga koʻra, WhatsAppʻda pul ishlash uchun hech qanday reklama yoʻq. Messenjer esa boshqa mahsulotlar tomonidan subsidiyalanadi.

    “Shunday startapni topish, shunday biznes-modelni qurish va messenjer pul olib kelishi oson ish emas. Bu, albatta, zararga kiruvchi faoliyat. Keling, sabrimizni jamlaylik, ehtimol bizning daho startapchilarimiz nimadir oʻylab topar”, — dedi Jaslan Madiyev.