Tomonlar Oʻzbekiston va Qozogʻiston munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar.

Hozirgi bosqichda Oʻzbekiston-Qozogʻiston yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq izchil mustahkamlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Qozogʻiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga bugun boshlangan davlat tashrifining tashkiliy va mazmun jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur tadbir amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, davlatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston-Qozogʻiston davlat chegarasini yakuniy xalqaro-huquqiy rasmiylashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston-Qozogʻiston qoʻshma demarkatsiya komissiyasining samarali faoliyati va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash va mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish uchun chegara demarkatsiyasini yakunlash muhimligi qayd etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.