Qozog'iston Tolibonni terrorchi tashkilotlari ro'yxatidan chiqardi

    Shu kungacha Tolibon terrorchilik tashkiloti ro‘yxatidan joy olib kelayotgan edi. Hatto Tolibon bir nechta terrorchilik harakatlarini amalga oshirganlikda gumon qilingandi. Ammo Qozog‘iston hukumati Tolibonni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarganini va Afg‘oniston bilan savdo-sotiq aloqalarini rivojlantirayotganini aytdi.

    Qozog‘iston zamonaviy Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi va bu rejim uzoq muddatli omil ekanligini anglagan holda Tolibon rejimini terrorchilar ro‘yxatidan chiqardi, — dedi Qozog‘iston respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart Tokaev.

    Bu haqda Tokaev Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) mamlakatlari parlament palatalari spikerlari bilan uchrashuvda ma'lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi bosqichdagi strategik vazifalardan biri Afg‘onistonni mintaqalararo aloqalarga faol jalb etishdir.

    Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Aybek Smadiyarovning takidlashicha, Qozog‘iston respublikada taqiqlangan terroristik tashkilotlarning milliy ro'yxatini yangilash maqsadida muntazam ravishda audit o‘tkazadi. Bu jarayon doirasida BMT amaliyotiga ko'ra, Tolibon harakatini undan chiqarishga qaror qilindi. Shunday qilib, BMT Xavfsizlik Kengashining majburiy bo‘lgan rezolyutsiyalariga ko‘ra, Tolibon harakati BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorchi deb tan olingan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilmagan. Qozog‘iston va Afg‘oniston o‘rtasidagi keyingi aloqalar BMT pozitsiyasi, BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma'qullangan rezolyutsiyalar asosida rivojlantiriladi.

    Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu harakatni sharhlar ekan, bu qaror Qozog‘iston va Afg‘oniston hukumatlari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga, o‘zaro ishonchni mustahkamlashga, jumladan, mintaqaviy xavfsizlikni saqlash hamda terrorizm va narkotik jinoyatlariga qarshi kurashish bo‘yicha umumiy sa'y-harakatlarga ijobiy ta'sir ko'rsatishi mumkinligini aytdi.

    Shuningdek, Qozog‘iston hukumati bu qadam afg‘onlararo yarashuvni rag‘batlantirish va mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishga hissa qo‘shishini kutmoqda.