Mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish uchun samarali tashqi siyosat olib borish, doʻst va hamkorlarimiz doirasini kengaytirish, yaqin qoʻshnilarimiz bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish oʻta muhim vazifadir.
Shu maqsadda Prezident Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarurligini taʼkidladi.
Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash tashqi siyosatda ustuvor yoʻnalish boʻlib qoladi. Kelgusi yili yurtimizda boʻlib oʻtadigan “Markaziy Osiyo beshligi” uchrashuvi shu yoʻldagi yana bir ulkan amaliy qadam boʻladi.
Hozirgi vaqtda fuqarolarimiz Qirgʻizistonga ID karta bilan bemalol borib-kelmoqdalar. Endi shunday tartibni Qozogʻiston va Tojikiston bilan ham joriy etish rejalashtirilgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda boshqa yetakchi hamkor davlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan samarali va tizimli aloqalarni yanada rivojlantirish doimo eʼtibor markazida boʻlishi taʼkidlandi.
Prezidentimiz fursatdan foydalanib, bugungi yigʻilishda ishtirok etayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillarini samimiy qutladi, islohotlarimizni chin dildan qoʻllab-quvvatlab kelayotgani, hududlarimizga chiqib, yangilanish va oʻzgarishlar bilan yaqindan tanishib, oʻz davlatlaridagi tajribalar bilan oʻrtoqlashayotgani uchun xalqimiz nomidan minnatdorlik bildirdi.