10 mingdan ortiq referendum o'tkaziladigan uchastkalarda ovoz berish mahalliy vaqt bilan soat 07:00 dan 20:00 gacha rejalashtirilgan edi. Xorijda qozog'istonliklar uchun 59 ta davlatda 74 ta saylov uchastkalari tashkil etildi.
Mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da bo'lib o'tgan brifingda respublika tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Roman Vasilenko Qozog'istonning 7358 fuqarosi xorijdagi saylov uchastkalarida ovoz berganini, saylovchilarning 59,79 foizi ishtirok etganini ma'lum qildi.
Referendum byulletenidan bitta savol o'rin olgan edi: “Siz Qozog'istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?” Ovoz berish ishtirokchilari ikkita javob variantidan birini tanlashlari kerak edi: “ha, roziman” yoki “yo'q, rozi emasman”. Saylov ro'yxatiga 12,2 milliondan ortiq qozog'istonlik kiritildi. Referendum o'tgan deb topildi, chunki unda ovoz berish huquqiga ega bo'lgan fuqarolarning 50 foizdan ortig'i ishtirok etdi. Referendum bo'yicha Markaziy komissiya e'lon qilgan so'nggi ma'lumotlarga ko'ra, mahalliy vaqt bilan soat 18:00 holatiga ko'ra, saylovchilarning 61,56 foizi ishtirok etdi, 7,5 millionga yaqin kishi ovoz berdi.
Referendumga qo'yilgan masala yuzasidan qaror qabul qilish uchun ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko'pi uni qo'llab-quvvatlagan bo'lishi talab etiladi. Markaziy komissiyaning referendum yakunlari to'g'risidagi xabari ovoz berishdan keyin yetti kun ichida e'lon qilinishi kerak, deb xabar beradi tass.ru.
Agar Qozog'iston fuqarolarining aksariyati atom elektr stansiyasi qurilishini qo'llab-quvvatlasa, u Olma-Ota viloyatida Balxash ko'li yaqinida qurilishi mumkin. Qozog'iston hukumati yadroviy texnologiyalarning bir nechta yetkazib beruvchilari – Xitoyning CNNC kompaniyasi, Janubiy Koreyaning KHNP, Rosatom va Fransiyaning EDF kompaniyalarini ko'rib chiqmoqda. Referendumda ishtirok etgan Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev stansiya qurish uchun xorijiy kompaniyalar konsorsiumini jalb etish zarur, deb hisoblashini ma'lum qildi.