Qozog'istonda blogerlar endi oladigan daromadidan soliq to'laydi

    Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev blogosferani tartibga solish to'g'risidagi qonunni imzoladi.

    2023-yil sentyabr oyidan kuchga kiradigan qonunga ko'ra, ommabop ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari o'z resurslari, bloglari va ijtimoiy tarmoqlaridagi reklamadan olgan daromadlaridan soliq to'lashlari, shuningdek, bunday reklamani tegishli ravishda markirovkalashi shart. Bundan tashqari, inflyuenserlar rasmiy buxgalteriya hisobini yuritishi kerak.

    Qonun shuningdek, qozoq tilini onlayn platformalar interfeyslariga majburiy integratsiyalash va ularning moderatsiyasini ham nazarda tutadi, bu esa ijtimoiy tarmoq algoritmlariga onlayn platformalardagi noqonuniy kontentni kuzatish va qozoq tilidagi kontentni moderatsiya qilish imkonini beradi.

    Qonun yolg'on ma'lumot tarqatganlik uchun jismoniy shaxs hisoblangan qozog'istonlik blogerlarni 69 ming tenge (155 dollar) va inflyuenser-tadbirkolarni 138 ming tenge (311 dollar) miqdorida ma'muriy jarimaga tortishni nazarda tutadi. Buning uchun Qozog'iston Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga yangi 456-2 (“Yolg'on ma'lumot joylashtirish, tarqatish”) moddasi kiritildi.

    Mamlakat Bosh prokuraturasining ta'kidlashicha, “feyk” xabarlar uchun ma'muriy jarimalar qo'llanishi yanada og'ir jinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi, deb xabar beradi currenttime.tv.