Bu haqda Qozogʻiston Qishloq xoʻjaligi vaziri Aydarbek Saparov maʼlum qildi.
Shu yilning iyun oyi oxirida Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri Akmaral Alnazarova Atbosar tumanida bir necha kishi kuydirgi kasalligini yuqtirganini maʼlum qilgandi.
Oʻshanda gap toʻrtta hodisa haqida borardi. Bemorlarning ahvoli oʻrtacha ogʻirlikda baholandi. Vazir ularga zarur tibbiy yordam koʻrsatilayotganini maʼlum qildi. Oʻshanda Alnazarova tumanda karantin joriy etilmasligini aytgandi.
Bugun maʼlum boʻlishicha, Atbasarda baribir karantin joriy etilgan. Aydarbek Saparovning maʼlum qilishicha, kuydirgi kasalligi aniqlangan qishloqlarda dastlab cheklov choralari joriy etilgan. U yerda 19 kishida infeksiya aniqlangan, bir kishining ahvoli ogʻir.
«Hech qanday chorva harakati, odamlar — u yerga kirish mumkin emas. Atrofi oʻraldi, shlagbaum qoʻyildi. Respublika epizootiyaga qarshi otryadi oʻz ishini dezinfeksiya, ishlov berish, utilizatsiya qilishdan boshladi. Laboratoriya xulosasini olgach, darhol 1-iyuldan karantin eʼlon qildik. U yerda 19 kishi (kasallanganlar — tahr.) bor, ulardan biri ogʻir, qolganlari oʻrtacha ogʻirlikda. Ular kuzatuv ostida, hammasi sogʻayib bormoqda. Shifokorlar shugʻullanmoqda, sogʻliqni saqlash nazorat ostida,« — dedi Saparov hukumatdagi brifingda.
Uning soʻzlariga koʻra, qishloqlarda karantin 15 kun davom etadi. Shundan soʻng tekshirish uchun yangi namunalar olinadi. Kuydirgi kasalligi tasdiqlanmasa, karantin choralari bekor qilinadi.








