Qozogʻistonda mashina yonib ketdi

    Tashvishli xabar 9 Iyun 2024 525

    Qozogʻistonning Atirau viloyatida ichida Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan “Lada Largus” avtomobilida yongʻin sodir boʻldi.

    Bu haqda Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, kecha, 8-iyun kuni soat 11:45 da Rossiya—Oʻzbekiston yoʻnalishida harakatlanib ketayotgan Oʻzbekiston davlat raqamiga ega boʻlgan “Lada Largus”da yongʻin yuz bergan. Voqea Atirau viloyati hududidan oʻtuvchi Atirau-Aqtoʻbe respublika ahamiyatiga ega avtomobil yoʻlining 31-kilometrida sodir boʻlgan.

    Ichida uch nafar Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan avtomobilda alanga soat 12:50 da toʻliq bartaraf etilgan. Yongʻin oqibatida mashina haydovchisi jarohat olmagan, qolgan ikki nafar yoʻlovchi turli darajadagi kuyish jarohati bilan Atirau viloyat shifoxonasiga yotqizilgan.

    “Haydovchi va jarohat olganlarning shaxslariga aniqlik kiritilgan va ular bilan doimiy aloqa oʻrnatilgan. Ushbu holat Bosh konsulxona nazoratiga olingan”, deyiladi Oʻzbekistonning ushbu mamlakatdagi elchixonasi xabarida.