Joriy yilning 9 - yanvar kuni soat 18:00 da “Uzautotrans service” MCHJning davlat raqam belgisi 01 344 CGA bo‘lgan “YUTONG BUS ZK6122H9” rusumli avtobusi barcha talablarga rioya etgan holda transport vositasi texnik, haydovchilar esa tibbiy ko‘rik va maxsus yo‘riqnomalardan o‘tib, “Toshkent – Moskva” yo‘nalishi bo‘yicha 26 ta yo‘lovchi bilan “Toshkent” avtovokzalidan belgilangan jadval asosida qatnovni amalga oshirish uchun yo‘lga chiqqan.
Yo‘nalish davomida joriy yilning 10-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat taxminan 22:00 da Qozog‘iston Respublikasining Aktobe viloyati “Samara – Chimkent” trassasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan noqulay ob-havo sharoiti tufayli yo‘llarda vujudga kelgan muzlamalar sabab shu yo‘nalishda harakatlanayotgan barcha yengil, yuk va jamoat transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatildi.
Shu jumladan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan avtobus harakati ham vaqtinchalik to‘xtatilgan. Mahalliy hukumatning FVV departamenti tomonidan yo‘lovchilar o‘sha atrofdagi masjidga vaqtinchalik joylashtirilgan.
Yo‘ldagi muzlar va to‘siqlar bartaraf etilgandan so‘ng transport vositalari o‘z harakatlarini davom ettirishgan.
Hozirda davlat raqam belgisi 01 344 CGA bo‘lgan “Uzautotrans service” MCHJning “Toshkent–Moskva” yo‘nalishida qatnovni amalga oshirayotgan avtobus Qozog‘iston va Rossiya Federasiyasi chegara bojxona postidan o‘tmoqda.
Haydovchi bilan o‘rnatilgan operativ aloqaga ko‘ra avtobusdagi barcha yo‘lovchilar sog‘-salomat holda yo‘nalishda o‘z safarini davom ettirmoqda.