Qozogʻistonda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bola Oʻzbekistonga qaytarildi

    Ushbu insonparvarlik harakati Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻistondagi elchixonasi tomonidan, Ichki ishlar vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi koʻmagida amalga oshirildi.

    Ijtimoiy himoya milliy agentligining xabar berishicha, shu yilning 21-aprel kuni voyaga yetmagan fuqaro Toshkent xalqaro aeroportida Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Ichki ishlar vazirligining masʼul xodimlari tomonidan kutib olindi va oʻsha yerning oʻzida “Inson“ markazi tomonidan unga vasiy etib tayinlangan yaqin qarindoshiga topshirildi.

    Mazkur holatda “Inson“ ijtimoiy xizmatlar markazi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-psixologik yordam koʻrsatadi, ularni jamiyatga moslashtirish va psixologik reabilitatsiyaga yoʻnaltirilgan xizmatlar bilan taʼminlaydi.