Bu haqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova xabar berdi.
aʼlum qilinishicha, shu yilning 6-iyun kuni Bolalar ombudsmaniga 2000-yilda tugʻilgan A.A.(ayol)dan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda onasi va otasi vafot etgani, u 2006-yilda tugʻilgan (17 yoshda) I.A. va 2012-yilda tugʻilgan S.R. ismli singillari uchun eng yaqin qarindosh boʻlsada, qizlar amakisi R.R.ning vasiyligiga berilgani, amakisi R.R. esa qizlarni Qozogʻiston Respublikasiga oʻz yashash manziliga olib ketgani, hozirda u qizlarga uyatsiz buzuq harakatlar sodir etayotganini bildirgan.
Ayol oʻz singillariga jinsiy zoʻravonlik sodir etayotgan amakisiga nisbatan qonuniy chora koʻrishni hamda singillarini Oʻzbekistonga qaytarish hamda eng yaqin qarindosh ekanligi sababli qizlarga uni qonuniy vakil etib tayinlanishida amaliy yordam soʻragan.
Bolalar ombudsmanining IIVga va TIV orqali Oʻzbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsuliga yuborgan soʻrovi asosida idoralarning tizimli va oʻzaro tezkor choralari natijasida joriy yilning 8-iyun kuni I.A. va S.R. lar amakisining uyidan politsiya va vasiylik organi tomonidan olib ketilib, murakkab ijtimoiy vaziyatlarga tushib qolgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash Olmaota shahri adaptatsiya markaziga joylashtirildi.
Hozirda qizlarga barcha zaruriy ijtimoiy-psixologik koʻmak koʻrsatilmoqda.
Shuningdek, Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida Oʻzbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulining tezkor choralari natijasida Qozogʻiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan A.A. prosessual tartibida ushlanib, unga nisbatan Qozogʻiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 121-moddasi, 3-1 qismi, 1-bandi (Jinsiy xarakterdagi zoʻravonlik harakatlari) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Kecha, 17-iyun kuni sud tomonidan R.R. ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Hozirda qoʻzgʻatilgan jinoyat ishiga jabrlanuvchi sifatida jalb qilingan voyaga yetmagan I.A. va S.R. larning qonuniy manfaatlarini jinoyat ishi yurituvi davomida himoya qilish maqsadida Bolalar ombudsmani oʻzining xorijiy hamkasbi, Qozogʻiston Bolalar ombudsmani bilan qizlarga barcha zaruriy himoya choralarini koʻrsatish yuzasidan muzokara olib borib, hozirda qizlarga tegishli koʻmak koʻrsatish jarayoni boshlandi.
Shuningdek, Bolalar ombudsmani, IIV va TIV tomonidan voyaga yetmagan I.A. va S.R. larga nisbatan vasiy tayinlash va (tergov yakunidan soʻng) Oʻzbekistonga qaytarish choralari koʻrilmoqda.
“Holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot beriladi”, deyiladi xabarda.