Qozogʻistonda oʻzbekistonliklar boʻlgan avtobus YTHga uchradi

    Tashvishli xabar 13 May 2022 766

    Joriy yil 12-may kuni Jambil viloyatida yoʻlovchi avtobusi ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Oʻzbekiston Respublikasining Olmaota shahridagi (Qozogʻiston Respublikasi) Bosh konsulxonasi maʼlumotiga tayanib axborot berdi.

    Xabarda aytilishicha, Nukus – Olmaota yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan avtobusda 53 nafar yoʻlovchi, shu jumladan 47 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan. Voqea oqibatida 2 nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻldi.

    Ayni paytda 16 nafar yurtdoshimiz tuman shifoxonasida, jumladan, 2 nafari jonlantirish boʻlimida qolmoqda.

    "Oʻzbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi qoshida jabrlanganlarga yordam koʻrsatish boʻyicha ishchi guruh tashkil etildi. Diplomatlar voqea joyiga yetib bordi.

    Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tibbiyot muassasalari bilan doimiy aloqa oʻrnatilgan. Marhumlarning jasadlarini vatanga olib kelish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar hal etilmoqda.

    Vaziyat Bosh konsulxona nazoratiga olingan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi halok boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi hamda hamyurtlarimiz mamlakatimizning Olmaota shahridagi bosh konsulxonasiga (tel.: +77779504422, +77779504433) yordam soʻrab murojaat qilishlari mumkinligini maʼlum qiladi", deyiladi axborotda.