Qozogʻistonda saygʻoq populyatsiyasi tiklandi

    Hozirda saygʻoq populyatsiyasining 90 foizdan ortigʻi Qozogʻistonda yashaydi.

    Qozogʻistonda yoʻqolib borayotgan saygʻoq populyatsiyasi tiklandi. Bu haqda mamlakat Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligining Oʻrmon xoʻjaligi va hayvonot dunyosi qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Andrey Kim maʼlum qildi.

    “Bugungi kunda saygʻoqlar sonining tiklanishi haqida gapirish mumkin. 2003-yilda saygʻoqlar soni 21 ming bosh boʻlgan, 2022-yilning bahoridagi roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, saygʻoqlar soni 1,3 millionga yetgan, deydi Kim. Uning taʼkidlashicha, hozirda saygʻoq populyatsiyasining 90 foizdan ortigʻi Qozogʻistonda yashaydi.

    Qoʻmita raisi oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, 1815 bosh saygʻoq bolasini “xonakilashtirish va keyinchalik qishloq xoʻjaligida joriy etish uchun” qozoq olimlariga topshirish rejalashtirilgan. “Ushbu kvota ilmiy tashkilotlarning arizalaridan kelib chiqilgan", deb tushuntirdi u.

    Saygʻoqlar bugungi kungacha saqlanib qolgan kam sonli sutemizuvchilar turlaridan biri boʻlib, ular mamontlar faunasining vakillari hisoblanadi. Bu sayyoramizda quruqlikda yashaydigan eng tez yuguradigan hayvonlardan biri. Ular yugurganda soatiga 80 kilometr tezlikka erisha oladi.

    Saygʻoqlar 1996-yilda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Qizil roʻyxatiga kiritilgan va 2002-yildan beri ularga eng yuqori xavf darajasi maqomi berilgan. Saygʻoqlar Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Moʻgʻulistonda yashaydi. Qozogʻistonda saygʻoqlar soni 10 yil davomida – 1992-yildan 2003-yilgacha – 50 baravar, deyarli 1 milliondan 21 ming boshgacha kamaydi, deyiladi tass.ru saytida.