Qozogʻistonda vaqtincha ishlayotgan vatandoshimizning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nopok ish beruvchidan olib berildi

    Xalqaro hamkorlik 1 May 2025 656

    Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari koʻmagida Qozogʻistonning Olmaota viloyatida mushkul ahvolda qolgan yurtdoshimiz oilasi bagʻriga qaytarildi.

    “Dunyo“ AAning Bosh konsulxonadan olingan maʼlumotlarga tayanib xabar qilishicha, vatandoshimiz R.M. fuqarolik pasportini ish beruvchidan qaytarish va sogʻligida kuzatilgan muammolar tufayli Oʻzbekistonga yetib olishi uchun yordam soʻrab murojaat qilgan.

    Hamyurtimiz joriy yil mart oyida Olmaota viloyatining Qorasoy tumanidagi fermer xoʻjaligida traktorchi boʻlib ishlash uchun kelgan. Oradan bir-necha kun oʻtib, unda yurak xuruji kuzatilgan va oʻz vazifasini bajara olmagan.

    Fermer xoʻjaligi rahbariyati esa uning ogʻir ahvoliga qaramay ishlashga majbur qilgan va ish joyini tashlab ketmasligi uchun fuqarolik pasportini va uyali aloqa vositasini tortib olgan.

    Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari murojaatni tezkorlik bilan oʻrgandi va yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish choralari koʻrdi.

    Mahalliy politsiya vakillari bilan birgalikda olib borilgan oʻrganishlar natijasida vatandoshimizning pasporti nopok ish beruvchidan olib berilib, yurtdoshimiz Bosh konsulxona xodimlari tomonidan Oʻzbekistonga kuzatib qoʻyildi.