Qozogʻistonda yoʻlda qolib ketgan avtobusdan 36 nafar Oʻzbekiston fuqarosi qutqarildi

    Pavlodarda qolib ketgan avtobusdan 36 nafar yoʻlovchi qutqarildi. Ulardan 13 nafari bolalardir.

    Chet ellik yoʻlovchilarni olib ketayotgan avtobus Pavlodar viloyati May tumani Qaraterek qishlogʻidan 20 kilometr uzoqlikda buzilib, qolib ketdi. Qutqaruvchilar politsiya xodimlari bilan birgalikda avtobusdan 36 kishini, jumladan, 13 nafar bolani evakuatsiya qilishdi.

    «Barcha yoʻlovchilar Semey shahridan Chimkentga tranzit yoʻlovchi sifatida kelgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari edi. Yomgʻirli va past haroratli sharoitlarda barcha yoʻlovchilar shoshilinch ravishda yaqin atrofdagi isitish punktiga olib ketildi va issiq ovqat bilan taʼminlandi«, — deb xabar berdi viloyat favqulodda vaziyatlar departamenti.

    Avtobus aholi punktiga evakuator bilan olib ketildi. Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari tufayli yoʻlovchilarning hech biriga tibbiy yordam kerak boʻlmadi.