Qozogʻistondagi mehnat migrantlarining soni boʻyicha oʻzbekistonliklar ikkinchi oʻrinda turadi ekan

    2024-yil 1-aprel holatiga koʻra, Qozogʻistonda mahalliy ijro hokimiyati organlari ruxsati bilan 13 536 nafar chet el fuqarosi mehnat qiladi. Bu haqda QR Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

    “Xorijiy ishchi kuchini (keyingi oʻrinlarda – XIK) jalb etish uchun ruxsatnomalar qatoriga quyidagi toifalar kiradi: rahbarlar va ularning oʻrinbosarlari uchun 605 ta ruxsatnoma (birinchi toifa), tarkibiy boʻlinma rahbarlari uchun 2 793 ta ruxsatnoma (ikkinchi toifa). Xorijiy ishchi kuchining asosiy qismi uchinchi (mutaxassislar) va toʻrtinchi (malakali ishchilar) toifalariga toʻgʻri keladi — mos ravishda 5 914 va 570 kishi. Shuningdek, mavsumiy ishlarga 2 ming 458 nafar, korporativ transferga esa 1 ming 196 nafar kishi jalb etildi”, — deyiladi xabarda.

    Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda Qozogʻistonda XIKdan foydalanayotgan 1 728 ish beruvchi bor. Ularda 459 mingdan ortiq Qozogʻiston fuqarosi ishlaydi, bu umumiy xodimlar sonining 99,2 foizini tashkil etadi.

    Iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha eng koʻp ishlovchilar qurilish sohasida — 4 297 kishi (31,7%), maʼmuriy va yordamchi xizmatlarda — 1 629 (12%), qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligida — 1 482 kishi (10,9%), togʻ-kon sanoati — konchilik va karyerlarni qazib olish – 1 285 kishi (9,4%), qayta ishlash sanoati – 1 248 kishi (9,2%), kasbiy, ilmiy va texnik xizmatlar — 797 kishi (5,9%).

    Mehnat migrantlarining asosiy kelib chiqish mamlakatlari: Xitoy — 4 011 kishi (29,6%), Oʻzbekiston — 1 577 kishi (11,6%), Hindiston — 1 187 kishi (8,7%), Turkiya — 1 058 kishi (7,8%).

    Ichki mehnat bozorini himoya qilish maqsadida QR Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi har yili respublikaga chet ellik mutaxassislarni jalb etish uchun kvotalar belgilaydi va ajratadi. 2024-yilda umumiy kvota respublikadagi ishchi kuchining 0,23 foizi yoki 22 ming birlik etib belgilandi, deb xabar beradi Kazinform.