Qozogʻistondan ota-ona qaramogʻisiz qolgan voyaga yetmagan bola Oʻzbekistonga qaytarildi

    Xalqaro hamkorlik 21 May 2025 616

    Hozirda ushbu voyaga yetmagan bola qonuniy vakili — onasiga topshirildi. Keyingi bosqichda esa uning yashash hududi boʻyicha reabilitatsiya choralari va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash ishlari tizimli ravishda davom ettiriladi.

    Ijtimoiy himoya milliy agentligining xabar berishicha, shu yilning 7-aprel kuni voyaga yetmagan bola oila aʼzolariga moddiy koʻmak koʻrsatish maqsadida oʻqishni tashlab, amakisi hamrohligida Qozogʻiston Respublikasiga joʻnab ketgan.

    Biroq, 2025-yil 2-may kuni Qozogʻiston Respublikasida ushbu voyaga yetmagan Oʻzbekiston fuqarosi ota-ona qaramogʻisiz qolgan holatda aniqlanib, maxsus ijtimoiy xizmatlar muassasasiga joylashtirilgan. Garchi bola Qozogʻistonga ishonchnoma asosida olib oʻtilgan boʻlsada, mamlakat amaldagi qonunchiligiga muvofiq, bunday muassasalardan voyaga yetmagan shaxsni faqat uning ota-onasi olib chiqish huquqiga ega.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan koʻrilgan tezkor choralar natijasida bola 2025-yil 20-may kuni Oʻzbekistonga olib kelindi.

    Maʼlumot uchun: joriy yil boshidan buyon Qozogʻistondan jami 12 nafar ota-ona qaramogʻisiz qolgan voyaga yetmagan Oʻzbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Hozirda yana 5 nafar bola davlat yordami asosida qaytarilishini kutmoqda.