Qozogʻistonga ishlash uchun borayotgan fuqarolar firibgarlardan ogohlantirildi

    Migratsiya agentligi fuqarolarni firibgarlarga ishonmaslik va pasportni notanish insonlarga bermaslikka chaqirdi.

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxoʻja Norov oʻzining telegramdagi sahifasida Qozogʻistonga ishlash uchun borayotgan fuqarolarni firibgarlardan ogoh boʻlishga chaqirdi.

    Taʼkidlanishicha, soʻnggi vaqtlarda ishlash uchun Qozogʻistonga borgan yoki ushbu davlatda ishlayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga oʻzini elchixona yoki konsulxona vakili sifatida tanishtirib, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ulardan pul va pasportlarini olish holatlari kuzatilmoqda.

    Yurtdoshlarimizdan bunday firibgarlarga ishonmaslik va pasportni notanish insonlarga bermaslik soʻraladi.

    Ishlash yoki vaqtincha yashash ruxsatnomasini olish uchun fuqaro shaxsan Aholiga xizmat koʻrsatish markazlariga (SON) murojaat etishi zarurligi eslatib oʻtildi.

    Shuningdek, oʻzini “diplomatik vakolatxona xodimiman” deb tanishtirgan shaxslarga duch kelganda quyidagi raqamlarga murojaat qilish soʻraldi:

    • Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi diplomatik vakolatxonalari (Ostona shahrida: +8 (7172) 95-45-87, Olmaota shahrida: +8 (727) 390-26-16, Aqtau shahrida: +8 (729) 277-71-17)
    • Qozogʻiston Bosh prokuraturasi: 115;
    • Qozogʻiston politsiyasi: 102.