Yaqinda, ikki davlat harbiy hamkorligi doirasida Xorazm viloyatidagi “Yangiariq” umumqo‘shin poligoni bazasida joylashgan va 2021 yildan faoliyatini boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bo‘linmalarini cho‘l sharoitida tayyorlash markazida Qozog‘iston Respublikasi mudofaa vazirligi maxsus bo‘linmalarining bir guruh harbiy xizmatchilari tahsil oldi.
Bir necha kun davom etgan o‘quv kursi dasturiga muvofiq ikki davlat harbiy xizmatchilari sahroda cho‘l sharoitida olov va suv topish, ov qilishga mo‘ljallangan qo‘l ostidagi predmetlardan yasalgan qurollar va qopqonlarni tayyorlash, cho‘l sharoitida bo‘linmalarning niqoblanishi hamda shaxsiy tarkib joylashishi uchun sharoitlarni yaratish, shartli yaradorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish va qo‘lbola tibbiyot buyumlarini yasash bo‘yicha amaliy mashqlarni bajardi.
Kurs yakunida bo‘linmalar bir necha kilometrli razvedka-qidiruv harakatlarini amalga oshirib, yo‘nalishda mavjud suvli to‘siqlardan o‘tishni amalda qo‘llashdi. Yaqin jangda bir-birini himoya qilgan holda jangovar qurollarni qo‘llash, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish va ularga tibbiy yordam ko‘rsatishni mashq qilishdi.
Markaz bitiruviga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklari vakillari, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi ishtirok etib, so‘zga chiqqanlar so‘nggi yetti yillik davr ichida O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini har tomonlama isloh etish, milliy armiyamizni zamonaviy turdagi qurollar, aslahalar, harbiy va jangovar texnikalar bilan butlashda katta natijalarga erishilganini e’tirof etishdi.
O‘quv kursini tamomlagan harbiy xizmatchilarga sertifikat, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Matbuot xizmati.