Sirdaryo viloyat hokimligi maʼlumotiga koʻra, viloyatdagi milliy-madaniy markazlar vakillari, yoshlar ishtirokida Toshkent viloyatidagi “Gʻishtkoʻprik” chegara postida bir guruh qozogʻistonlik yoshlar delegatsiya tantanali kutib olindi.

Festival doirasida koʻpmillatli, bagʻrikeng xalqimiz yoshlari ahil-inoqligini namoyish etish bilan bir qatorda qoʻshni davlatlar yoshlari bilan doʻst va hamfikr ekanini koʻrsatmoqda.

“Sayxun” yoshlar festivali doirasida oʻtkazilayotgan “Doʻstlik” forumi mehmonlari – qozogʻistonlik yoshlar Sirdaryo viloyati Guliston shahriga bordi.

Forum ishtirokchilari gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻydi. Viloyat musiqali drama teatri foyesida oʻzbek va qozoq xalqlari tarixi va qadriyatlariga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi. “Doʻstlik koʻprigi” shiori ostida tashkillashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi.

Soʻng qozogʻistonlik mehmonlar viloyat hokimi, senator Gʻofurjon Mirzayev bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida Sirdaryo zaminida olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik, yaratuvchanlik, qoʻshni davlatlar bilan barcha sohalarda aloqalarni kuchaytirish borasidagi ishlar, Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va hamkorlik munosabatlari xususida soʻz bordi.

Shundan soʻng isteʼdodli yosh ijodkorlar ikki millat ijodidan mushoira uyushtirib, baxshichilikda bellashdi.

– Bugungi forumdan katta taassurot oldik, – deydi Yerasil Tolebayev. –Doʻstligimizni yanada mustahkamlab, ikki davlatning oʻzaro doʻstlik va hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishda biz, qozogʻistonlik yoshlar ham munosib hissamizni qoʻshamiz. Sizlar boshlab bergan “Doʻstlik” forumi xalqlarimiz oʻrtasida haqiqiy doʻstlik koʻprigi boʻlib xizmat qiladi.