Qozogʻistonning Aqtobe viloyatidagi YTHda 8 nafar oʻzbekistonlik halok boʻldi

    Baxtsiz hodisada vafot etganlarni Mudofaa vazirligining maxsus havo borti orqali Vatanga olib kelish va dafn etish marosimlarini oʻtkazish boʻyicha Hukumat komissiyasi tuzildi.

    Kecha soat taxminan 17:00 larda Qozogʻiston Respublikasi, Aqtobe viloyati, Algin tumanidan oʻtgan Respublika ahamiyatiga ega “Samara-Chimkent” avtomobil yoʻlining 678 km.da yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi.

    Hodisada “Toyota-Alhpard” rusumli hamda “Volvo” rusumli yuk avtomobili toʻqnashib ketgan. Oqibatda “Toyota-Alhpard” rusumli avtomobilida boʻlgan jami 8 nafar Oʻzbekiston fuqarosi voqea joyida vafot etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan, baxtsiz hodisada vafot etganlarni Mudofaa vazirligining maxsus havo borti orqali Vatanga olib kelish va dafn etish marosimlarini oʻtkazish boʻyicha Hukumat komissiyasi tuzilib, kerakli barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshchiligida maxsus bort bugun, 4-aprel kuni soat 10:25 da Qozogʻiston Respublikasiga uchib ketdi.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Favqudodda vaziyatlar vazirligi masʼullari Qozogʻistonlik hamkasblari bilan doimiy aloqada boʻlib, baxtsiz hodisani kelib chiqish sabablarini oʻrganish boʻyicha hamkorlik ishlarini olib bormoqda.