Qozogʻistonning Shesskiy tumanida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi yuzasidan birlamchi maʼlumot berildi

    Tashvishli xabar 16 Iyul 2022 1999

    Bugun soat 3:21 da Qozogʻiston Respublikasi Shesskiy tumanidan oʻtgan “Almata-Yekatrinburg” avtomobil yoʻlining 850 km.da harakatlangan, MAN yuk mashinasi va “Mercedes-Benz Sprinter” yoʻlovchi mikroavtobusi toʻqnashishi oqibatida mikroavtobus ichida boʻlgan 17 nafar yoʻlovchilardan 8 nafari voqea joyida halok boʻlgan.

    9 nafar yoʻlovchilar turli darajada tan jarohati olib, Aksu-Ayuli qishloq kasalxonasiga yotqizilgan. Bu haqda 2022-yil 16-iyul kuni Qozogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligidan olingan maʼlumot asosida Oʻzbekiston Favqulotda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

    YTH oqibatida mikroavtobus salonida boʻlgan 5 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan 2 nafari voqea joyida vafot etgan hamda 3 nafari turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda ushbu fuqarolarga malakali tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, Doʻst Qozogʻiston masʼullari yuzaga kelgan mazkur baxtsiz hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jarohatlanganlarga tez tibbiy yordam koʻrsatishda yaqindan koʻmak berishmoqda.

    Hozirda, ushbu xolat yuzasidan Qozogʻiston Respublikasi IIV hodimlari tomonidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

    Holat yuzasidan Qozogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan maʼlumot almashinuvi davom etmoqda.