Qozog'istonning Turkiston viloyatida suv toshqini: avtomobillarni suv olib ketmoqda

    Turkiston viloyatida kuchli yomg'ir va qorning erishi oqibatida suv toshqinlari yuz bermoqda, deb xabar beradi tengrinews.kz.

    Favqulodda vaziyatlar vaziri Yuriy Ilin voqea joyiga yetib bordi.

    Turkiston viloyatida avtomobillarni suv olib ketmoqda. Aris tumani, Shaganaksoy uchastkasida “Niva” rusumli avtomashinani suv oqimi olib ketdi.

    “Besh nafar yo'lovchi cho'ponning uyiga evakuatsiya qilindi. Yo'lovchilarni evakuatsiya qilish uchun Aris tumani YHXB xodimlari yuborildi, ikkita avtomashina (rasmiy va fuqarolik) jalb qilindi”, deb xabar qildi mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

    Shuningdek, 2 fevral kuni soat 15:40 da yana bir avtomobilni suv olib ketgan, bu safar So'zoq tumanida.

    Ayni paytda Baydibek tumanidagi Shayan va Shakpak, Sauran tumanidagi Shaga, So'zoq tumanidagi Sho'loqqo'rg'on va Aris shahridagi aholi punktlarida suv oqimining xavfini bartaraf etish bo'yicha ishlar olib borilmoqda.

    200 nafardan ziyod kishi va 800 ga yaqin mayda qoramol evakuatsiya qilingan. Suv yo'lini to'sish uchun inert materiallar solingan 13 mingdan ortiq qop yotqizildi. Qurbonlar va jabrlanganlar yo'q.

    Turkiston viloyatida yog'ingarchilik to'xtadi. Biroq, suv oqimi davom etmoqda. Yana yomg'ir yog'ishi kutilmoqda.

    “Vaziyat alohida nazoratga olingan. Respublika va viloyat tezkor shtablari, ishonch telefoni ishlamoqda”, deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.