Qozog‘istonning Turkiston viloyatidan Nurafshon shahriga turistik avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

    “Oltin xalqa” konsepsiyasi doirasida besh kunlik tur marshurt ham ishlab chiqildi.

    Toshkent viloyatiga sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsadida qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati hamda Nurafshon shahri o‘rtasida muntazam turistik avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Ya’ni, yiliga 10 ming nafar sayyohlar almashinuvi amalga oshirilishini qayd etilmoqda, deb xabar berdi Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati.

    Ma’lumot uchun, bugungi kunda viloyatda 59 ta tur agentliklar, 34 ta mehmonxonalar, 907 ta oilaviy mehmonxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Natijada turistlar oqimi 265 mingta va ichki turizm 1,5 million nafarga yetkazilib, xizmatlar eksporti 79 million dollarni tashkil etmoqda.

    Bundan tashqari, turistlarning sayyohat kunlarini uzaytirish maqsadida “Oltin xalqa” konsepsiyasi doirasida besh kunlik tur marshurt ishlab chiqildi.

    Bunda turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Bo‘stonliq, Parkent, Zangiota, Ohangaron, Chinoz tumanlari va Angren shahri qamrab olinadi va u keyinchalik viloyatning boshqa hududlariga ham tatbiq qilinadi.