баннер
17 Apr 2025
10:38

    Qozoq xalqining mashhur mutafakkiri Abay Qoʻnonboy oʻgʻlining 180-yilligiga

    Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qozoq xalqining buyuk shoiri, adabiy til va yozma adabiyot asoschisi, maʼrifatparvar, faylasuf, bastakor, tarjimon va jamoat arbobi Abay Qoʻnonboy oʻgʻlining 180-yillik yubileyiga bagʻishlangan “Abay maʼnaviy xazinasining turkiy dunyoga taʼsiri“ mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Konferensiyada Qozogʻiston, Ozarbayjon, Turkiya davlatlaridan, shuningdek, respublikamizdagi ilgʻor oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot markazlaridan olimlar, doktorantlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

    Mehmonlar dastlab institutda qoraqalpoq adabiyotining atoqli vakili Ajiniyoz Qosiboy oʻgʻlining 200-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan Ajiniyoz muzeyida boʻlib, bu yerdagi eksponatlar bilan tanishdi.

    Xalqaro tadbir doirasida olimlar qoraqalpoq, oʻzbek, qozoq, turkman va boshqa xalqlar adabiyotining yaqin aloqalari, Abay Qoʻnonboy oʻgʻli ijodining nafaqat qozoq xalqi, balki turkiy xalqlar va jahon adabiyotidagi tutgan oʻrni, uning chuqur falsafiy, gumanistik fikr-mulohazalari, qarashlari, asarlarining jahon xalqlari adabiyotida oʻrganilishi, ularni xalqaro miqyosda targʻib qilish va kelajak avlodlarga yetkazish kabi masalalar boʻyicha maʼruzalar qildi. Oʻzaro fikr almashdi.

    Konferensiya oʻz ishini seksiyalarda davom ettirdi.

    Minajatdin Qutlыmuratov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech