Maʼlum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda amalga oshirgan operatsiya davomida 3 nafar shaxsning jinoiy faoliyatiga chek qoʻyildi.
Ulardan ikki nafari — Qoʻqon shahrida yashovchi 1994 va 2002-yillarda tugʻilgan shaxslar boʻlib, uchinchi gumonlanuvchi Qoʻshtepa tumanida istiqomat qiluvchi 2001-yilda tugʻilgan fuqaro hisoblanadi.
Tergovga qadar tekshiruvlarda aniqlanishicha, ushbu shaxslar “Jentra” rusumli avtomashinada Fargʻona tumaniga borib, qoʻshni respublikadan noqonuniy olib kirilgan 11 650 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qabul qilib olishgan.
Shundan soʻng ular Qoʻqonga qaytib ketayotgan vaqtda Uchkoʻprik tumani hududida tezkor guruh tomonidan toʻxtatilgan. Qonunbuzarlar avtomashinadagi dorilarni tashlab, qochishga uringan, biroq bu reja amalga oshmagan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ular ushbu dorilarni Fargʻona va Qoʻqon shaharlarida sotishni rejalashtirgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, tergov harakatlari davom etmoqda.