«Vodiy24.uz» viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tayanib xabar berishicha, voqea Farg'ona tumanidagi Sohibkor ko'chasida joylashgan xonadon hovlisida yuz bergan.
1977 yilda tug'ilgan X.D. ismli fuqaro quduqda shaxsiy elektr libyotkasi yordamida ish olib borayotgan vaqtda qurilma texnik nosozlik sabab to'xtab qolgan. Oqibatda u chuqurligi 40 metr bo'lgan quduq tubida yordamsiz holda qolib ketgan.
Vaziyat yuzasidan zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga murojaat qilingan. Qutqaruv chaqiriqlariga javoban, boshqarmaning maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otryadi voqea joyiga etib borgan va shoshilinch qutqaruv ishlarini boshlagan.
Qutqaruvchilarning tezkor va hamohang harakatlari natijasida fuqaro X.D. salomatligiga zarar etkazmagan holda quduqdan olib chiqilgan. Hech qanday tan jarohati qayd etilmagan va tez tibbiy yordamga ehtiyoj tug'ilmagani ma'lum qilingan. Qutqaruv amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlangan.