Quduqqa tushib ketgan 7 yoshli bola qutqarildi

    Hozirda foydalanishda boʻlmagan quduqning chuqurligi 40 metr, diametri 90 sm ekan.

    Bugun, 16-may kuni soat 11:00 da Andijon viloyati, Qoʻrgʻontepa tumani, “Ibn Sino” MFY, Maktab koʻchasida joylashgan uylarning biridan FVBga yordam soʻrab murojaat qilingan.

    Favqulotda vaziyatlar boshqarmasining maʼlum qilishicha, hovlisidagi chuqurligi 40 metr, diametri 90 sm boʻlgan suvsiz, hozirda foydalanishda boʻlmagan quduqqa uy egasining 7 yoshli oʻgʻli extiyotsizlik oqibatida tushib ketgan.

    Aytilgan manzilga zudlik bilan FVB qutqaruvchilari yetib borib, bola quduqdan sogʻ-salomat chiqarib olingan. Ayni vaqtda bolaning ahvoli yaxshi. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish maqsadida shifoxonaga olib borilgan.