Bayram va qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarda mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligida shtab tashkil etildi, deya xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Bayram va qoʻshimcha dam olish kunlarida quyidagi davolash-profilaktika muassasalarida 40 ming nafar tibbiyot tizimi xodimi qonunda belgilangan tartibda, navbatchilik asosida aholiga xizmat koʻrsatadi:
1010 ta oilaviy poliklinika,
923 ta oilaviy shifokor punkti,
tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar,
ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari,
tibbiyot oliy oʻquv yurtlari klinikalari.
Shuningdek:
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 182 ta aholi punktida joylashgan shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan taʼminlanib, zaxira oʻrinlari yartilgan.
Mamlakatimiz boʻylab 2724 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan boʻladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda.
Bundan tashqari, 227 ta tugʻuruq, 245 ta bolalar davolash muassasalari ham uzluksiz ish olib boradi.
Respublika Call-markazi (1003) orqali tibbiyotga tegishli savollaringizga malakali mutaxassislardan tunu kun javob olishingiz mumkin.
Koronavirusga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari, xususan, yuqumli kasalliklar shifoxonalari hamda PZR-test topshirishga moʻljallangan punktlar faoliyat koʻrsatadi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati va hududlardagi 14 ta boshqarma hamda 203 ta aholi punktida joylashgan boʻlimlarida ham 24 soat davomida 200 nafardan ziyod navbatchi shifokor, qariyb 200 nafarga yaqin vrach-laborant va yordamchi xodimlar oʻz faoliyatini davom ettiradi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi bayram va dam olish kunlarida uzluksiz mehnat qiladigan barcha tibbiyot xodimlariga oʻz minnatdorligini bildiradi.