Qurbonlik goʻshtini tarqatish uchun mashinada harakatlanish mumkinmi?

    Ijtimoiy hayot 30 Iyul 2020 682

    Ijtimoiy tarmoqlar orqali qurbonlik goʻshtini tarqatish uchun avtomobilda harakatlanish mumkinmi, degan savollar berilmoqda. 

    Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh Gʻiyosovning maʼlum qilishicha, joriy yil 31-iyul, 1-2-avgust hamda 8-9-avgust (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, yaʼni avtotransport vositalarining, yoʻnalishsiz taksilarning harakati toʻliq toʻxtatiladi.

    Taʼkidlanishicha, mazkur cheklov maxsus ruxsatnomalar asosida harakatlanadigan avtotransport hamda Maxsus komissiyaning joriy yil 8-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan avtotransport vositalari harakatlanishiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

    “Xurmatli fuqaro, sizning holatingizda, qilayotgan savobli ehsoningizni karantin qoidalariga rioya etgan holda, mahallangiz raisi va faollari hamkorligida hamda yordamida oʻzingiz yashayotgan mahalla xududida amalga oshirishingiz maqsadga muvofiq”, – deydi Gʻiyosov.

    Avvalroq, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali fatvo hayʼatining karantin sharoitida qurbonlik keltirish tartibi haqida batafsil maʼlumot bergandi.