Qurilish materiallari sanoatida ishlab chiqarish hajmi oshiriladi

    Sanoat 29 Oktabr 2020 2515

    Mamlakatimizda yildan-yilga qurilish materiallari sanoati taraqqiy etib bormoqda. Sohaga horijiy investitsiyalar keng jalb etilmoqda, natijada yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda, bu borada dunyo tajribasi o‘rganilyapti.

    Shu bois “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yoki “Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan qurilish materiallariga bo‘lgan talab nafaqat mahalliy balki jahon bozorlarida ortib bormoqda.

    Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan yillar mobaynida yurtimizda 120 turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugunga kelib ushbu ko‘rsatkich 180 dan ortib ketdi. 2016 yilda sanoat korxonalarining soni 8 yarim mingtani tashkil etgan bo‘lsa, hozirda sohada 12 yarim mingdan ortiq korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ko‘rinib turibdiki, qurilish materiallariga bo‘lgan talab yil sayin o‘smoqda.

    “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi yurtimiz axolisi va qo‘shni davlatlarni sifatli qurilish materiallari bilan ta’minlash maqsadida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha rejalari ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra asosiy turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish o‘sib boradi. Jumladan, 2020 yilda 14,5 mln tonna sement (2019 yilda – 11 mln tonna), 32 mln kv metr keramik plitka (2019 yilda – 30,9 mln kv. metr), 23 mln kv metr (2 mm o‘lcham) arxitektura-qurilish oynasi (2019 yilda – 18,9 mln kv metr), 61 mln kv. metr gipsokarton (2019 yilda – 59,9 mln kv. metr), 2 mln 600 ming o‘ram oboy (gulqog‘oz) (2019 yilda – 656 ming o‘ram), 650 ming dona sanitar-texnik buyumlar (2019 yilda – 645 ming dona), 67 ming tonna issiqlik saqlovchi materiallar (2019 yilda – 63,5 ming tonna) ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

    Shuningdek, joriy yili umumiy 1 mlrd 597 mln dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.