Prezidentimizning mazkur yo'nalishdagi ishlarni jaddalashtirish borasidagi topshiriqlari ijrosini ta'minlash borasida bugun Qurilish vazirligi tomonidan  samarali ishlar tashkil etilmoqda.

7-14 sentyabr kunlari vazirlikda “SHaffof qurilish” Milliy axborot tizimidagi “Qurilishdagi nazorat” quyi tizimidan foydalanish mavzusidagi Respublika o'quv-amaliy seminari o'tkazilmoqda.Unda tizimdan samarali ishlashni o'rganish va o'z hududlarida ushbu tizimni 2020 yil yakunigacha to'liq amaliyotga tatbiq etish uchun, qurilish-montaj ishlari ustidan nazorat va buyurtmachilar bilan ishlash bo'limlaridan bittadan hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo'yicha hududiy nazorat inspektsiyalaridan jami jami 48 mutaxassis xodimlar ishtirok etmoqda.

Ma'lumot o'rnida:

Joriy yilning avgust oyidan “SHaffof qurilish” Milliy axborot tizimidagi “Qurilishdagi nazorat” quyi tizimi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida test tariqasida ishga tushirilgan edi.

Toshkent shahri Qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspektsiyasida ro'yxatdan o'tgan 1341 qurilish ob'ekti “Qurilishdagi nazorat” tizimiga kiritilib, inspektorlar tomonidan nazorat ishlari bir vaqtda an'anaviy tarzda va tizim orqali test tariqasida amalga oshirilmoqda. Inspektsiya tomonidan 25 planshet xarid qilinib, nazorat ishlariga 25 inspektor jalb etilgan.

Toshkent viloyati Qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspektsiyasida ro'yxatdan o'tgan 1697 qurilish ob'ekti “Qurilishdagi nazorat” tizimiga kiritilib, inspektorlar tomonidan nazorat ishlari bir vaqtda ananaviy tarzda va tizim orqali test tariqasida amalga oshirilmoqda. Inspektsiya tomonidan 20 planshet xarid qilinib, nazorat ishlariga 20 inspektor jalb etilgan.

O'tkazilayotgan mazkur o'quv-amaliy seminarda qurilish ob'ektlarini tizimga kiritish, tizim orqali nazorat ishlarini olib borish va tizimda hisobotlarni shakllantirish mavzulari keng yoritilmoqda.

Hududlardan tashrif buyurgan inspektorlar Toshkent shahri hududiy inspektsiyasi inspektorlari bilan birgalikda 6 kun mobaynida Toshkent shahridagi qurilish ob'ektlarida tizimdan foydalanish amaliyotini o'tkazishayapti.

 Buyurtmachilar bilan ishlash bo'limi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo'yicha mutaxassislar vazirlik binosida 6 kun mobaynida tizimga ro'yxatdan o'tgan ob'ektlarni kiritish, buyurtmachilarning texnik nazorati, loyihachilarning mualliflik nazorati va pudratchilarning ichki nazorati xodimlariga shaxsiy kabinetlar ochish amaliyotini o'tkazishadi.

O'z navbatida seminar ishtirokchilari tizimdan foydalanish amaliyotini oktyabr oyi yakuniga qadar hududiy nazorat inspektsiyalariga tatbiq etishadi.

Joriy yilning oktyabr – noyabr oylarida Qurilish vazirligi, Qurilish sohasida nazorat inspektsiyasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar hokimliklari va hududiy nazorat inspektsiyalari birgalikda joylarda Qurilishdagi nazorat elektron tizimidan foydalanish bo'yicha o'quv seminarlarini o'tkazish rejalashtirilgan.

Vazirlik matbuot xizmati