Qurilish sohasi xodimlari kuni nishonlandi

    Dolzarb 10 Avgust 2024 185

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan avgust oyining ikkinchi yakshanbasi O'zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida nishonlanadi.

    Shu munosabat bilan bugun tantanali tadbir tashkil etildi. Unda davlat rahbarining quruvchilarga tabrigini Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov o'qib eshittirdi.

    Qutlovda so'nggi yillarda yurtimiz ulkan qurilish va bunyodkorlik makoniga, qurilish sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch tarmoqlaridan biriga aylangani alohida qayd etilgan. Sohaning yalpi ichki mahsulotimizdagi ulushi 6 foizdan ko'proqni tashkil etayotgani buning yaqqol tasdig'idir. Oxirgi etti yarim yilda 26 million kvadrat metrlik qariyb 10 mingta uy-joy barpo etildi. Joriy yilda 52 ta hududda “YAngi O'zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda. “Yangi Toshkent” va Olimpiya shaharchasi kabi mega ob'ektlarda ham bunyodkorlik ishlari yuqori sur'atlar bilan olib borilmoqda.

    Shu bilan birga, soha oldida katta vazifalar turgani ta'kidlandi. Ularni ado etishda katta bilim va tajribaga ega bo'lgan ishchi va quruvchi, me'mor va muhandislar, olim va mutaxassislar yanada jonbozlik ko'rsatib, qurilish sohasi ravnaqini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.