Qurilish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash elektron tender orqali amalga oshiriladi

    Raqamlashtirish 2 Fevral 2022 3112

    Hukumat qarori (46-son, 31.01.2022-y.) bilan Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, maqsadli dasturlarga muvofiq moliyalashtiriladigan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash uchun pudrat tashkilotlari faqat davlat xaridlari elektron tizimining elektron tender savdolari platformasi orqali aniqlanadi.

    Mazkur nizom davlat buyurtmachilarining bir shartnoma boʻyicha qiymati BHMning 6000 baravaridan ortiq boʻlgan qurilish sohasidagi elektron tenderlarga nisbatan tatbiq etiladi.

    Mazkur miqdordan kam boʻlgan qurilish sohasidagi elektron tenderlarga ushbu tartib tavsiyaviy ahamiyatga ega.

    Tender predmetining boshlangʻich narxi (QQS bilan) BHMning 200 000 baravarigacha boʻlgan elektron tenderlarda faqat oʻsha hudud (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri)da yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan talabgorlar qatnashadi (Toshkent shahri va Toshkent viloyati yagona hudud deb qabul qilinadi).

    Elektron tenderda ishtirok etish uchun takliflar berish muddati tugagan sanadan boshlab 2 ish kuni ichida platforma tomonidan tender gʻolibi aniqlanadi va gʻolib tashkilotga aksept yuboriladi.

    Aksept gʻolib tashkilot tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab tender tugallangan deb hisoblanadi.

    Elektron tender natijalari boʻyicha gʻolib eʼlon qilingan paytdan boshlab 3 kun muddatdan kechikmay pudrat shartnomasi tuziladi.

    Tender boʻyicha shikoyatlar, nizo va kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish uchun ishchi organ etib Qurilish vazirligi belgilanadi.