Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri lavozimidan ozod etildi

    Yigʻilish kun tartibidagi navbatdagi masala – qurilish va transport kompleksidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

    Qurilish sohasi yarim yilda 10 foizga oʻsib, 80 trillion soʻmga yetdi. Shunday boʻlsa-da, xotirjamlikka berilmay, qurilishda tannarxni pasaytirish boʻyicha jiddiy shugʻullanadigan vaqt kelgani taʼkidlandi.

    Qurilish tannarxi faqat yer va qurilish materiallariga bogʻliq emasligi, texnik talablarni moslashtirish, loyihani kelishish, qurilishga ruxsat olishdagi murakkab tartibotlar ham tannarxga taʼsir qilishi qayd etildi.

    Bu boradagi jarayonlar takomillashtirilib, tadbirkorlar uchun sharoitlar yaxshilansa, qurilish materiallari, eltexsanoat, ipoteka xizmatlari kabi yondosh sohalar rivojlanishiga katta turtki boʻladi.

    Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Botir Zokirov sogʻligi tufayli lavozimidan ozod etildi, vazirning birinchi oʻrinbosari Sherzod Hidoyatov vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.