Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuratura organlari tomonidan qurilish sohasiga oid nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda. Joriy yilda 1,2 trillion soʻmlik 201 ta obyektlarda amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari ustidan prokuror nazorati olib borilmoqda.
Bu yil ham asosiy eʼtibor qurilish sohasida loyihalarni ishlab chiqishda, ularni ekspertizadan oʻtkazishda, tender savdolarini amalga oshirishda va umuman qurilish jarayonlarining barcha bosqichlarida qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan.
Ammo ayrim masʼullar tomonidan qurilish sohasida mansabini suiisteʼmol qilish holatlari ham kuzatilmoqda.
Xususan, 2023-yil davomida qurilish sohasida davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tizimida ishtirok etuvchi masʼul shaxslar tomonidan «Shaffof qurilish» tizimiga ayrim pudratchi tashkilotlarning manfaatlarini koʻzlab, soxta maʼlumotlar kiritish orqali ularning tender savdolarida gʻolib boʻlishiga erishganlar.
Aniqlangan holatlar yuzasidan 6 ta idora va tashkilot masʼullariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 205 — moddasi 2 — qismi «a» bandi, 209 — moddasi 1 — qismi va 278-4 — moddasi 2 — qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Natijasiga koʻra qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.