Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtiriladi

    “Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish jarayonlarini samarali tashkil etishning qoʻshimcha choralari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-165-son, 29.04.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining markaziy apparati tuzilmasida, Oʻzbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari hamda byudjet tizimi byudjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan dasturlarga muvofiq qiymati 10 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarini koʻrib chiqish vakolatiga ega loyiha ofisi tashkil etiladi.

    Shuningdek, quyidagi tartiblar oʻrnatiladi:

    • 2025-yil 1-yanvardan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish va obyektlarni foydalanishga qabul qilishda qurilish xarajatlarni baholashning “hajm” uslubiga (hajm va sifat koʻrsatkichlarini hisobga olishga) oʻtiladi;
    • 2024-yil 1-iyuldan obyektlarning smeta qiymati “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasi maʼlumotlari asosida shakllantiriladi;
    • 2024-yil 1-oktyabrdan qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilgan holda, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi.