Quritilgan olxoʻri endi Xitoyga ham eksport qilinadi

    Biznes 2 Aprel 2021 1350

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona maʼmuriyati oʻrtasida Oʻzbekistondan Xitoyga quritilgan olxoʻrini eksport qilish boʻyicha fitosanitariya talablari va nazorati toʻgʻrisida Bayonnoma imzolandi.

    Unga koʻra, quritilgan olxoʻri mahsuloti Jahon savdo tashkilotining (WTO) Sanitariya va fitosanitariya choralarini qoʻllash bitimi (SPS Agreement) tamoyillari, Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha xalqaro konvensiya (IPPC), Xitoy Xalq Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonuni, Xitoy Xalq Respublikasining kirish va chiqishda hayvonlar hamda oʻsimliklar karantini qonuniga muvofiq eksport qilinishi zarurligi qayt etilgan.

    Shuningdek, quritilgan olxoʻri tuproqdan xoli va begona oʻt, oʻsimlik qoldiqlari, qum, shagʻal, metall kabilar bilan aralashtirilmagan boʻlishi lozim.

    Shu maqsadda quritilgan olxoʻrida tirik hasharotlar, ayniqsa, omborxona zararkunandalari boʻlmasligini taʼminlash uchun fumigatsiya va yuqori haroratli dezinfeksiya kabi nazorat choralari amalga oshirilishi lozim. Bunda, fumigatsiya qilinganlik toʻgʻrisida sertifikat ilova qilinishi, shuningdek, fumigatsiya usuli ikkala tomondan ham tasdiqlangan boʻlishi kerak.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish oʻrinliki, quritilgan olxoʻri mahsulotini Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron, Isroil, Misr, Pokiston, Iordaniya, Marokko, Bangladesh, Hindiston, Filippin, Tailand, endilikda esa Xitoy kabi davlatlarga ham eksport qilish mumkin, deb xabar beradi “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi matbuot xizmati.